Get Mystery Box with random crypto!

Yana yo‘qlab kelgin bizni, Ramazon! Sen sabab tiyildi yolg‘on | Firdavsiylar

Yana yo‘qlab kelgin bizni, Ramazon!

Sen sabab tiyildi yolg‘on so‘zlar ham,
Nomahramdan qochar bo‘ldi ko‘zlar ham.
Ibodatda sergak turdik bizlar ham,
Yana yo‘qlab kelgin bizni "Ramazon"!

Iymonda zabardast bo‘moqlik uchun,
Kun-u, tun duoda yurmoqlik uchun.
Savobli amallar qilmoqlik uchun,
Yana yo‘qlab kelgin bizni "Ramazon"!

Xayr-u, saxovatlar ulashib takror,
Yaxshilik yo‘lida kurashib takror.
Eng ezgu niyatlar tilashib takror,
Yana yo‘qlab kelgin bizni "Ramazon"!

Tunlari "qoim"lik qilmoqlik uchun,
Ibodatni aziz bilmoqlik uchun.
Allohga suyukli bo‘lmoqlik uchun,
Yana yo‘qlab kelgin bizni "Ramazon"!

Har oning g‘animat, har fursat aziz,
Yaxshilikdan qolar dilda go‘zal iz.
Kelishingni qumsab yo‘ling poylaymiz,
Yana yo‘qlab kelgin bizni "Ramazon"!

Nomingni ulug‘ deb, bilmaylik nechun?
Har bergan ne’mating ezgulik uchun.
Hamisha ko‘rsatib "sof Islom" kuchin,
Yana yo‘qlab kelgin bizni "Ramazon"!

O‘zing oylar ichra ulug‘, tanhosan,
Daholardan o‘tar buyuk dahosan.
Fursat o‘tganda ham takror-takror san,
Yana yo‘qlab kelgin bizni "Ramazon"!

Qalbda qolar bo‘ldi mehringdan izlar,
Yil bo‘yi yurak chin nomingni so‘zlar.
Vafot etmay tursak agarda bizlar,
Yana yo‘qlab kelgin bizni "Ramazon"!

Dillarga yovuzlik yetmay turib sen,
Qalblarni gunohlar chertmay turib sen.
Iymonning quvvati ketmay turib sen -
Yana yo‘qlab kelgin bizni "Ramazon"!

Jannatga savobdan qo‘rg‘on quramiz,
Shu sabab hamisha duo qilamiz.
Nasib qilsa seni kutib turamiz,
Yana yo‘qlab kelgin bizni "Ramazon"!

@firdavsiylar | Jannat sari bir qadam!